Showing posts with label glyutensiz taomlar. Show all posts
Showing posts with label glyutensiz taomlar. Show all posts

Tuesday, July 21, 2015

Qiymalik sharchalar (Frikadelki/Meatballs)


Ushbu qiymali sharchalar (frikadelki/meatballs) tayyorlash juda oson va ular duhovkada pishiriladi. Iftorlik uchun tez va oson taom hisoblanadi. 
Eslatma: qiymali sharchalarni glyutensiz qilish ham mumkin. Maydalangan non o'rniga huddi shuncha miqdorda yong'oq maydasi/uni qo'shiladi. Sut o'rniga suyakli sho'rva ishlatilinadi.

Masalliqlar:
2 osh qoshiq saryog'
1 ta o'rtacha piyoz (mayda to'g'ralgan)
500 gr qiyma go'shti
1 ta tuhum
1/3 stakan non maydasi/ushog'i
1/4 stakan sut yoki suyakli sho'rva
Ta'bga ko'ra murch, tuz, ozgina qizil qalampir maydasi, jambil va petrushka kabi ziravorlar.

Tayyorlanishi:
Mayda to'g'ralgan piyozni eritilgan saryog'da och jigarrang holatiga kelguncha pishirib olamiz. Pishirilgan piyoz va boshqa hamma masalliqlarni qiymaga qo'shib yahshilab aralashtiramiz va o'rtacha shakldagi sharchalar yasaymiz.
 
Qiymalik sharchalarni 400-425'F lik duhovkada 20-25 minut uzoqligida pishirib, qizartirib olamiz.
Pishgan qiymali sharchalarni guruch, sup yoki sabzavotlar bilan istemol qilish mumkin.

Jigarrang basmati guruch bilan frikadelki
Sabzavotli sup bilan frikaldelki

Wednesday, June 17, 2015

Ramazon uchun sog'lom taomlar: Sabzavot va qo'y go'shtlik dimlama

Iftorlik uchun yana bir sog'lom va yengil taom bu dimlama hisoblanadi. Ta'bga ko'ra turli sabzavot va qo'y go'shti qavatma qavat terib solinib, ozgina suvda past olovda pishiriladi.

Masalliqlar:
1-2 kg qo'y go'shti
Karam bo'laklar (dimlamaga hushbo'y ta'm va suyuqlik beradigan asosiy sabzavot)
1 ta zukkini (parrak parrak to'g'raladi)
1 ta pomidor (tilik-tilik to'g'raladi)
2 ta kartoshka (parrak-parrak to'g'raladi)
2 ta sabzi (parrak-parrak to'g'raladi)
2 ta sholg'om (parrak-parrak to'g'raladi)
1-2 ta shirin kartoshka yoki qovoq (hohlovchilar uchun)
2-3 bo'lak selderey
2-3 ta bulg'ori qalampir
1 ta katta piyoz (halqasimon to'g'raladi)
10 dona sarimsoq bo'laklari
petrushka, ukrop, bodiyon, kashnich, jambil kabi ko'kat va ziravorlar. 
Hamma to'g'ralgan sabzavotlar birin ketin qozonga terib chiqiladi. Eng avval piyoz, keyin go'sht, kartoshka, sabzi, sholg'om, selderey, sarimsoq bo'laklari va ohiri karam, zukkini, pomidor va ko'katlar bilan berkitiladi.

 
 Har qavat sabzavotlar ustidan tuz va murch sepiladi. Qozon tagiga 1 stakan (hohlovchiar 2 stakan) suv yoki suyak sho'rva/bone broth suyuqligidan quyib o'rta olovda suv qaynab chiqquncha kutiladi. Suv qaynab chiqqach, olovni past qilib 45-60 minut pishiriladi.

Ramazon uchun sog'lom taomlar: Oqsilga boy smuzi/ichimlik

Ushbu ichimlik (smoothie, shake) Ramazon oyida saharlik uchun juda mosdir. Uni tayyorlash juda oson, kam vaqt talab qiladi va  faqat sog'lom mahsulotlar bilan tayyorlanadi.

Masalliqlar:
1 osh qoshiq ivitilgan chia urug'i
1 osh qoshiq ivitilgan zig'ir urug'i
1 osh qoshiq ivitilgan hemp urug'i
1 osh qoshiq bodom yog'i
2 ta yong'oq
1 ta banan
1 stakan filterli suv
ta'bga ko'ra qulupnay, malina, maymunjon
1/4 qism avakado
1/2 stakan uyda tayyorlangan bodom suti (magazinda sotib olinadigan bo'lsa sifatli, turli qo'shimchalar qo'shilmaganidan bo'lishi kerak)

Avval ivitilgan urug'larni suv bilan yahshilab blenderda aralashtiramiz. Silliq suyuqlik paydo bo'lgandan keyin boshqa masalliqlarni ham solib aralashtiramiz.

 
Ta'bga ko'ra sifatli hom kakao kukuni, dolchin, hurmo, undirilgan kungaboqar urug'lari, kakos yog'lari ham qo'shish mumkin.


Wednesday, June 3, 2015

Sog'lom holva shirinligi


 Magniy va boshqa minerallarga boy kungaboqar urug'larini undirib, past haroratda quritib mazali shirinlik (holva deb atadik biz bir ovozdan) tayyorlash haqida yozmoqchimiz bu mavzuda. Yoshligimda holvani juda yahshi ko'rardim va nihoyat holvaga o'hshagan tabiiy, sog'lom shirinlik topildi Alhamdulillah.
hom kungaboqar urug'lari

Ushbu shirinlikni biz tayyorlagan usuli o'ta shirin emas, ta'bga qarab biroz shirinroq qilish ham mumkin. Eid yoki mahsus kunlar uchun boshqa shirinliklar orasida ushbu holva biz uchun sog'lom tortiq bo'la oladi (tishlarini davolayotganlar uchun ham, glyutendan uzoqroqda turishga harakat qilayotganlar uchun ham, hazm qilish tizimizda muammolari borlar uchun ham bu holva ma'qul bo'ladi).

Masalliqlar:
2 stakan undirilgan va quritilgan kungaboqar urug'lari
1/4 stakan yoki biroz ko'proq undirilgan va quritilgan kunjut urug'lari
2 qoshiq hom sifatli asal
1 qoshiq kakos yog'i
chimdim vanilla
Ihtiyoriy: 1/4 stakan pista bodom maydalari yoki boshqa turli yong'oqlar

Tayyorlanishi:
Kungaboqar urug'larini undirish haqida quyidagi mavzuda o'rganish mumkin. Undirilgan urug'larni duhovkada past haroratda (150'F yoki 65'C dan past bo'lishi kerak) quritib olamiz. Ortib qolgan urug'larni iloji boricha shisha bankalarga solib sovutkichda saqlagan ma'qul.

Kunjut urug'larini ham huddi shu yo'sinda undirib, quritib olsa bo'ladi. Ko'proq undirib qo'yilsa ko'proq vaqtda yetadi.
 

Holva tayyorlash uchun avval kungaboqar va kunjut urug'larini blender yoki food processorda yirikroq un holatiga kelguncha maydalab olamiz. Qolgan barcha masalliqlarni solib aralashtiramiz. 
 
Hosil bo'lgan massani yog'langan idishga solib, yahshilab presslab tekkislab chiqamiz. Yog'lash o'rniga tabiiy pergament qog'ozi solsa ham bo'ladi idish tagiga. Va kamida 3-4 soat sovutkichda saqlaymiz (bir kecha qolsa ham yahshi).

Sovugan shirinlik qattiqroq holatda bo'ladi va uni bo'laklarga bo'lib istemol qilish mumkin. Kungaboqar, kunjut va boshqa yong'oqlar kaloriyalik hisobalanadi, holvani bir bo'lagi ham bir mahalga bemalol yetib ortadi.


Thursday, May 28, 2015

Past olovda pishirilgan yumshoq mol go'shtli taom (pot roast in slow cooker)

 
Ushbu mavzuda qattiqroq va chayirroq mol go'shtidan (hususan yelkalari, qo'llari, 7 shakli suyakli qismlaridan, oyog'larini orqa qismlari, ko'krak atroflaridagi go'shtlaridan) past olovda juda ham shirin va yumshoq taom tayyorlash haqida yozmoqchimiz. Bu taom uchun og'ir cho'yan qozon yoki slow cooker  va dastlabki bosqich uchun cho'yan tova kerak bo'ladi. Ushbu taom tish va suyaklarni davolash uchun ham maqul hisoblanadi.

Masalliqlar:

Go'sht qismini tayyorlash uchun:
2 osh qoshiq zaytun yog'i (yoki kakos yog'i, saryog')
go'shtni tuzlash uchun tuz va murch
2 kg atrofida go'sht

 Sabzavotlar va sous uchun:
1 stakan to'g'ralgan qo'ziqorin
1 ta katta to'g'ralgan piyoz
2 dona sarimsoq
1 osh qoshiq saryog'
1 qoshiq un yoki arrowroot kukuni
1 qoshiq tomat
2 stakan suyak sho'rvasi/bone broth (bo'lmasa oddiy un)
2-3 ta to'g'ralgan o'rtacha sabzi
2-3 ta to'g'ralgan selderey
1 ta to'g'ralgan zukkini
rozmarin, jambil va timyan ko'katlari

Tayyorlanishi:

1.Avval qizdirilgan tovada go'sht bo'laklarini o'rtacha olovda qizartirib olib alohida bir idishga olamiz.

 2. Go'sht qizartirgan tovaga qo'shimcha bir qoshiq saryog' solib piyoz va qo'ziqorinlarni qovuramiz. Biroz qovurilgandan keyin ozgina un yoki arrowroot kukuni solinadi va 1-2 minut qovuriladi.

 So'ng tomat bilan suyakli sho'rvani solib o'rtacha olovda biroz qaynatamiz. Qo'ziqorinlik sous tayyor bo'lgandan keyin katta qozonga boshqa masalliqlarni birma bir solib chiqamiz.
 
3.Katta qozon (cho'an qozon yoki slow cooker) ga  eng birinchi sabzi, zukkini, sarimsoq, ko'katlar va selderey bo'laklarini terib chiqamiz,  ustidan go'sht va qo'ziqorinlik sousni solib past olovda 6-8 soat pishiramiz.
 

6-8 soatda taom tayyor bo'ladi. Pishganda go'shtlar yumshoq bo'lib suyaklaridan juda osonlikcha ajralib chiqadi. 
 

Sabzavotlarni suvi bilan pishgandagi holatda shundayligicha istemol qilsa ham bo'ladi.

 Yoki hammasini blenderga solib quyuqroq sous/gravy qilib ham istemol qilsa bo'ladi. Sabzavotlarni yahshi yemaydigan bolalar uchun sous qilib bergan yahshi.
 

Hohlagan usulda dasturhonga tortiladi. 

Wednesday, April 29, 2015

Bodom suti (va unini) tayyorlash

Bodom ham boshqa yong'oq va urug'lar kabi juda foydali hisoblanadi. Bodom tarkibida sog'lom yog'lar, magniy, mis, fosfor, Vitamin E, Vitamin B va boshqa ozuqa moddalari bor. Bodom istemoli yurak va suyaklar salomatligida, ozish yoki vaznni me'yorida saqlab yurishda, qand kasallik kabi turli kasalliklarni oldini olishda katta yordam beradi.
Bodomni istemol qilish uchun imkon boricha avval tuzli suvda ivitib (so'ng quritib) olish kerak. Bundan tashqari ivitilgan bodomdan sut ham tayyorlasa bo'ladi va bu uy sharoitida juda ham oson va tez. Bodom sutini sigir yoki boshqa o'simliklar suti o'rnida istemol qilsa bo'ladi. Bu ayniqsa sigir sutiga allergiyasi borlar uchun qulaydir.

Kerakli massaliqlar:
1 stakan ivitilgan bodom (kamida 12 soat tuzli suvda ivitib olish kerak)
3 stakan filterlangan suv
1 osh qoshiq kakos yog'i
bir chimdim tuz
ta'bga ko'ra vanillin va hurmo bo'lakchalari, asal yoki maple siropi

Tayyorlanishi:
Ivitilgan bodomlarni yahshilab yuvib tashlab, po'stini olib tashlaymiz (hohlovchilar albatta). 
So'ng filterlangan suv, tuz va kakos yog'i va bodomlarni blenderga solib aralashtiramiz. Sut mayin, qaymoqli bo'lishi kerak, 1-2 minut ketishi mumkin qanday blender ishlatishga qarab.

 Hosil bo'lgan suyuq sut bilan quyuq massa ham paydo bo'ladi. Shuning uchun sutni toza doka yoki sochiq bilan suzib olamiz. Sutni ta'bga qarab biroz shirinlashtirish mumkin va 3-4 kun sovutkichda saqlasa bo'ladi. Bodomni quyuq qismini esa duhovkaning eng past olovida quritib olib turli taom yoki shirinlik tayyorlashda un sifatida ishlatish mumkin.
bodom uni
 Bodom unidan tayyorlangan shirinliklar.

Banan va bodom unilik piroglar retseptini shu yerdan topish mumkin. Bu shirinlikda bananda boshqa hech qanday shirinlik qo'shilmaydi.

Bodom uni, banan, kakao kukuni, kakos parchalari va kakos yog'idan tayyorlangan pishiriqlar

 Shirin kartoshka va bodom unidan tayyorlangan pishiriqlar

Tuesday, April 28, 2015

Gulkaramlik pizza


Turli don unlaridan  (bug'doy, guruch, grechka, quinoa) pizza tayyorlash o'rniga sog'lom sabzavotlardan ham pizza tayyorlasa bo'lar ekan. Kundalik istemoldagi don yoki unlarni chegaralashni bir usuli un o'rniga sabzavot yoki donli bo'lmagan unlik turli retseptlar bilan tajriba qilib ko'rishdir. Bunday taomlar tish yoki milklarni davolayotgan, ozish uchun harakat qilayotganlar yoki normal vaznini saqlashga harakat qilayotlar uchun ham to'g'ri keladi (chunki uglevodi ancha past bo'lgani uchun kaloriyasi ham kam).
 Bu safar pizza nonini gulkaramdan tayyorlaymiz. 
Kerakli massalliqlar:
1 boshli gulkaram (food processor'da mayda chiqarilgani yoki qirg'ichda maydalangani) 3-4 stakan chiqishi kerak
ta'bga ko'ra tuz va turli ko'kat yoki ziravorlar
1/2 stakan suv
1 ta katta tuhum
1/4 stakan maydalangan pishloq yoki cream cheese

Gulkaramni yahshilab yuvib olib, food processor'da un kabi maydalab olish kerak. Men oddiy qirg'ichdan chiqardim mayda qilib.
Keyin uni ozgina suv bilan bug'lab olamiz. Gulkaram yumshab, suvini chiqaradi, tahminan 5-6 minut ketadi.
Bug'langan gulkaram maydasini biroz sovutgacha toza doka/sochiqqa solib, yahshilab bor suvini chiqaramiz.
So'ngra boshqa masalliqlarni qo'shib, yahshilab aralashtirib hamir holatiga keltiramiz. Listni qog'oz bilan qoplab, gulkaramlik hamirni asta sekin pizza noni shaklida yoyamiz. Oldindan 375 F'da qizdirilgan duhovkada 35-40 minut pishirib olamiz.
 
Gulkaram noni pishgach hohlagan qo'shimcha masalliqlar bilan pizzani to'ldirib, yana biroz duhovkada pishirib olamiz. Eng asosiysi masalliqlar tez pishadigan yoki oldindan tayyorlangan bo'lishi kerak (masalan pishgan go'sht). Men turli yengil pishirilgan sabzavotlar, pishloq va pishirilgan tovuqlardan tayyorlayman.
 
 
 Pishgach biroz sovutib, keyin bo'laklarga bo'lib tanovvul qilamiz!
 



Thursday, March 26, 2015

Undirilgan kungaboqar urug'idan hummus



Kungaboqar urug'lari boshqa urug' va yong'oqlar kabi talaygina foydali ozuqa moddalariga boy hisoblanadi. Ushbu urug' tarkibida hazm qiluvchi tolalar (fiber), oqsil, kerakli yog' kislotalari, Vitamin B and E, kalsiy, temir, ruh, magniy, kaliy, selenlar bor. Undirib istemol qilingan urug'larni juda ko'p foydali bor, husasan yurak salomatligi, qon bosimini meyorida olib yurishda, holesterinni kamaytirishda, turli yallig'lanishlarga qarshi yordam beradi.

Bu mavzuda undirilgan kungaboqar urug'laridan hummus tayyorlash jarayoni haqida yozamiz.
Quyidagi mavzuda kungaboqar urug'larini undirish haqida o'rganish mumkin.
Undirilgan no'hatlardan mayin va mazali hummus tayyorlash  haqida boshqa mavzuda ham yozgandik, jarayon huddi shunday bo'ladi.

Kerakli masalliqlar:
1 stakan undirilgan kungaboqar urug'i
3 osh qoshiq tahini 
1 ta kichkina sarimsoq bo'lagi (maydalangani)
1 ta o'rtacha limon suvi (ko'proq bo'lsa ham yahshi)
chimdim tuz, qizil qalampir kukuni, zira
1 osh qoshiq zaytun yog'i
Qo'shimcha: kashnich, ko'k piyoz, sarimsoq piyoz ko'klari, qizil bulg'ori kukuni kabilar bilan salat ustini bezatish mumkin.

Tayyorlanishi:
Avval tahini va limon suvini blender yoki oziq-ovqat protsessorida 30-45 soniya aralashtirib olamiz. Mayin holatga keladi. Keyin zaytun yog'i va ziravorlarni solib yana biroz aralashiramiz. Ohirida urug'larni solib mayin, yumshoq hummus holatga kelguncha aralashtiramiz. Kerak bo'lsa biroz suv quyish kerak.

Salat ustini turli foydali ko'katlar va qo'shimcha zaytun yog'i bilan bezab istemol qilish mumkin.

Hom kungaboqarni undirish va undan sut tayyorlash

Undirilgan kungaboqar urug' suti
Kungaboqar urug'lari boshqa urug' va yong'oqlar kabi talaygina foydali ozuqa moddalariga boy hisoblanadi. Ushbu urug' tarkibida hazm qiluvchi tolalar (fiber), oqsil, kerakli yog' kislotalari, Vitamin B and E, kalsiy, temir, ruh, magniy, kaliy, selenlar bor. Undirib istemol qilingan urug'larni juda ko'p foydali bor, husasan yurak salomatligi, qon bosimini meyorida olib yurishda, holesterinni kamaytirishda, turli yallig'lanishlarga qarshi yordam beradi.

Urug'larni sotib olayotganda hali qizdirilmagan, qayta ishlanmagan, hom holdagisini tanlash kerak.
 
 Undirish uchun esa avval urug'larni yahshilab yuvib, 8-12 soatga tuzli filterlangan suvga ivitib qo'yamiz.
 
 So'ngra suvni to'kib yuboramiz va urug'larni nam holatda ustiga sochiq tashlab hona haroratida saqlaymiz. 

 
 Kuniga bir necha marta (kamida 2 marta) bir qator yuvamiz,  keyin yana nam (lekin suvsiz holatda) da saqlaymiz va unib chiqquncha kutamiz. 2-3 kunda yahshigina unib chiqadi.
 
Unib chiqqan urug'lardan hom holatida sut, hummus tayyorlash mumkin yoki salatlarga qo'shib istemol qilish mumkin.

Ortib qolganini past olovda quritib shisha bankalarda saqlaymiz. Quritilgan urug'lardan sog'lom holva shirinligi tayyorlash haqida quyida retsept bor.
 

Endi mana shu unib chiqqan urug'laridan hom holatida sut tayyorlash haqida yozamiz.

Kerakli masalliqlar:
1 stakan undirilgan urug'
3 stakan filterlangan suv (ta'bga ko'ra ko'proq yoki kamroq qo'shsa ham bo'ladi)
2-3 dona hurmo yoki 2-3 osh qoshiq asal yoki maple siropi
1 osh qoshiq kakos yog'i
chimdim tuz

Tayyorlanishi: Hamma masalliqlarni blenderga solib yumshoq, silliq suyuq sut holatiga kelguncha aralashtiramiz. Hohlovchilar suyuq sut qismini quyuq qismidan ajratib alohida alohida istemol qilishlari mumkin, lekin to'laligicha istemol qilishlik eng afzali.

Ta'bga ko'ra sutga turli qo'shimchalar ham qo'shsa bo'ladi: vanilla, dolchin kukuni, hom kakao kukuni, mevalar....
Bizga eng yoqqani hom kakao kukuni va vanilla qo'shimchasi bo'ldi.