Thursday, May 28, 2015

Past olovda pishirilgan yumshoq mol go'shtli taom (pot roast in slow cooker)

 
Ushbu mavzuda qattiqroq va chayirroq mol go'shtidan (hususan yelkalari, qo'llari, 7 shakli suyakli qismlaridan, oyog'larini orqa qismlari, ko'krak atroflaridagi go'shtlaridan) past olovda juda ham shirin va yumshoq taom tayyorlash haqida yozmoqchimiz. Bu taom uchun og'ir cho'yan qozon yoki slow cooker  va dastlabki bosqich uchun cho'yan tova kerak bo'ladi. Ushbu taom tish va suyaklarni davolash uchun ham maqul hisoblanadi.

Masalliqlar:

Go'sht qismini tayyorlash uchun:
2 osh qoshiq zaytun yog'i (yoki kakos yog'i, saryog')
go'shtni tuzlash uchun tuz va murch
2 kg atrofida go'sht

 Sabzavotlar va sous uchun:
1 stakan to'g'ralgan qo'ziqorin
1 ta katta to'g'ralgan piyoz
2 dona sarimsoq
1 osh qoshiq saryog'
1 qoshiq un yoki arrowroot kukuni
1 qoshiq tomat
2 stakan suyak sho'rvasi/bone broth (bo'lmasa oddiy un)
2-3 ta to'g'ralgan o'rtacha sabzi
2-3 ta to'g'ralgan selderey
1 ta to'g'ralgan zukkini
rozmarin, jambil va timyan ko'katlari

Tayyorlanishi:

1.Avval qizdirilgan tovada go'sht bo'laklarini o'rtacha olovda qizartirib olib alohida bir idishga olamiz.

 2. Go'sht qizartirgan tovaga qo'shimcha bir qoshiq saryog' solib piyoz va qo'ziqorinlarni qovuramiz. Biroz qovurilgandan keyin ozgina un yoki arrowroot kukuni solinadi va 1-2 minut qovuriladi.

 So'ng tomat bilan suyakli sho'rvani solib o'rtacha olovda biroz qaynatamiz. Qo'ziqorinlik sous tayyor bo'lgandan keyin katta qozonga boshqa masalliqlarni birma bir solib chiqamiz.
 
3.Katta qozon (cho'an qozon yoki slow cooker) ga  eng birinchi sabzi, zukkini, sarimsoq, ko'katlar va selderey bo'laklarini terib chiqamiz,  ustidan go'sht va qo'ziqorinlik sousni solib past olovda 6-8 soat pishiramiz.
 

6-8 soatda taom tayyor bo'ladi. Pishganda go'shtlar yumshoq bo'lib suyaklaridan juda osonlikcha ajralib chiqadi. 
 

Sabzavotlarni suvi bilan pishgandagi holatda shundayligicha istemol qilsa ham bo'ladi.

 Yoki hammasini blenderga solib quyuqroq sous/gravy qilib ham istemol qilsa bo'ladi. Sabzavotlarni yahshi yemaydigan bolalar uchun sous qilib bergan yahshi.
 

Hohlagan usulda dasturhonga tortiladi. 

Friday, May 22, 2015

Boshlang'ich dehqonlar uchun oson yetishtiriladigan ekinlar.

Hovlidagi tuproq yahshi bo'lsa eng oson narsa bu turli ko'katlar o'stirishdir. Ko'katlar, to'q yashil bargli o'simliklar  turli vitamin va minerallarga juda boy bo'ladi. Beda, ismaloq, kale, jambil, kashnich, ukrop, ko'p piyozlar sovuqqa chidamli va ko'p parvarish talab qilmaydigan o'simliklar hisoblanadi.


Sabzavotlardan cherry pomidor, sabzi, sholg'om, rediska, qizilcha, zukkini, okra kabilarni yetishtirish nisbatan oson.

 

cherry pomidor va bulg'ori qalampir hosili

Malina ham nisbatan oson parvarish qilinadigan ko'p yillik o'simlik hisoblanadi.

Sarimsoq kuz ohirida ekilib, yozni o'rtalarida tayyor bo'ladi. Piyoz esa erta bahorda ekilib yoz ohirlarida tayyor bo'ladi. Sarimsoq va piyoz ham boshlovchi dehqonchilar uchun juda mos.

 Gullardan  chechak (nasturtium) va gulijavhar (marigold)larni parvarish qilish oson va gullarini istemol qilsa bo'ladi. Ekinlarni turli hasharotlar saqlashda ushbu gullar yordam beradi.

Bu ekinlarni yetishtirish uchun asosiysi yahshi quyoshli yer, yetarli suv va unumli tuproq kerak bo'ladi. Va albatta yovvoyi o'tlardan tozalab turish kerak.

Ekinlarni urug'dan boshlagan ma'qulmi yoki ko'chatdan? (2-qism)


Turli o'simlik, sabzavot, ko'kat va gullar o'stirishni odatda urug', piyoz, ildiz yoki ko'chatdan boshlanadi. Bu mavzuda qaysi o'simliklarni ko'chatlardan boshlash qulay, tejamkor va osonligi bo'yicha  o'z tajribalarimizdan qisqacha ma'lumotlar yozamiz. Qaysi o'simliklarni urug'lardan boshlash haqida quyidagi mavzuda o'qish mumkin.

Biz turgan joylar shimol tomon bo'lib, biroz sovuqroq shuning uchun ekin ekish May oyining 2chi yarmidan  keyin boshlanadi va Sentyabrni ohiracha davom etadi. Nozik o'simliklarga kuzdagi ilk sovuq (Senyabrni ohirlarida) tasir qilib, shikast yetkazadi. Yillik o'rtacha ekin o'stirish muddati 110 kunlar atrofida. Shuning uchun aksariyat ekinlarning ko'chatlari odatda may oyi o'rtasi yoki ohirida ekiladi.


1. To'q yashil rangli o'simlik/ko'katlardan kale, collard greens, romaine lettuce, bok-choy kabilarni ko'chatlardan boshlagan ma'qul. Bu o'simliklar sovuqni yahshi ko'radi, issiqda esa biroz qiynalashadi, shuning uchun erta bahorda hali havo sovuqroq paytida, ko'chatlar sotuvga chiqqan paytidan boshlab ekib qo'yish mumkin.
Kale
Romaine lettuce (salat bargi )

bok-choy, gulkaram, brokkoli ham ko'chatlardan boshlanadi


2. Eng ko'p istemol qilinadigan sabzavotlardan biri pomidor  ham ko'chatlardan boshlangani ma'qul. Pomidor sovuqqa chidamli emas, shuning uchun harorat yetarli issigan paytidan ko'chatlarni ekishni boshlash kerak.
Pomidorlar uchun maxsus temir uzun quti-qafas tayyorlansa pomidor yuqoriga yahshi o'sib chiqib ketadi, mevalari ham quruq, toza holatda pishib yetiladi.



3. Baqlajon ham eng osoni tayyor ko'chatlardan boshlangani ma'qul.


4. Bulg'ori qalampir, qalampirlar ham ko'chatlardan boshlansa bo'ladi. Ayniqsa issiq kunlar kamroq joylarda hosilni ertaroq olish uchun ko'chatlardan boshlangani ma'qul.

5. Bodringni ham ko'chatlardan boshlasa hosil tezroq bo'ladi.

6.Ko'katlardan timyan (thyme), rozmarin (rosemary), ko'k piyoz (chives) va lavander ham ko'chatlardan boshlangani yahshi.

Lavanda (Lavender)

Rozmarin
Uzun ko'k piyoz (Chives)

Davomi bor...








Ekinlarni urug'dan boshlagan ma'qulmi yoki ko'chatdan? (1- qism)


Turli o'simlik, sabzavot, ko'kat va gullar o'stirishni odatda urug', piyoz, ildiz yoki ko'chatdan boshlanadi. Bu mavzuda qaysi o'simliklarni urug' yoki piyozlardan boshlash kerakligi  bo'yicha o'z tajribalarimizdan qisqacha ma'lumotlar yozamiz. Qaysi o'simliklarni urug'lardan boshlash haqida quyidagi mavzuda o'qish mumkin.

Biz turgan joylar shimol tomon bo'lib, biroz sovuqroq shuning uchun ekin ekish May oyining 2chi yarmidan  keyin boshlanadi va Sentyabrni ohiracha davom etadi. Nozik o'simliklarga kuzdagi ilk sovuq (Senyabrni ohirlarida) tasir qilib, shikast yetkazadi. Yillik o'rtacha ekin o'stirish muddati 110 kunlar atrofida. Shuning uchun aksariyat ekinlarning ko'chatlari odatda may oyi o'rtasi yoki ohirida ekiladi.

1.Quyidagi  ko'katlarni urug'lardan boshlash mumkin: kashnish, ukrop, jambil, rayhon, yalpiz va boshqalar.

jambil
2. Biz o'stiradigan to'q yashil bargli o'simliklardan quyidagilarini urug'lardan boshlash mumkin:  ismaloq, salat barglari, beda, arugula, sholg'om va qizilcha barglari.



3. Yana bir urug'dan boshlash kerak bo'lgan sabzavot bu sabzidir. Sariq yoki qizil rangli sabzi urug'laridan o'stirish mumkin.




4. Zukkini va oshqovoqlar kabilarni urug'lardan oson o'sitirish mumkin. Ko'p ishlov talab qilmaydi, asosiysi yahshi tuproq, quyosh va yetarlicha suv.
 5. Qizilcha ham urug'lardan boshlanadi va  sovuqqa chidamli hisoblanadi. Barglari va mevasini istemol qilish mumkin va juda foydali.
qizilcha
 6. Mayda no'hatlar (snow peas, snap peas)-erta bahorda urug'lardan boshlanadi, yengilroq sovuqqa chidamli va  birinchilardan bo'lib  hosil beradigan sabzavotlardan biri.
 7. Sarimsoq bo'laklari/donalari kuz ohirida ekiladi va yozni o'rtalarida tayyor bo'ladi. Piyoz esa erta bahorda  ekilib yoz ohirlarida tayyor bo'ladi. 

8.Kartoshka alohida urug' uchun tayyorlangan butun kartoshkalardan boshlanadi. Agar yahshi qaralsa juda yahshi hosil beradi, uyda yetishtirilgan kartoshkani mazasi boshqacha bo'ladi. Tuproq toza, yetarli ozuqalarga boy bo'lsa bu sabzavot ko'p mehnat, suv talab qilmaydi. Faqat turli kasallik, zararkunandalardan ehtiyot qilish kerak.

qizil kartoshka

Friday, May 15, 2015

Uy hovlisida dehqonchilik uchun yer tayyorlash.

 Hovlisi bor uyda yashaydiganlar yerdan unumli foydalanish uchun o'zlari istagan meva-sabzavotlar va turli ko'katlar ekib o'stirishlari mumkin. Uy yetishtirilgan sabzavotlar va ko'katlar turli kimyoviy dorilardan holi, mazaliroq, toza va sof bo'ladi. Odatda kunning ma'lum bir qismi ekinlarni parvarishiga ketadi (odatda issiq, quyosh nuri ko'p paytda), huddi shu paytda odam o'ziga yetarli quyosh nuri olishi mumkin va yetarli tabiiy Vitamin D hosil qiladi. Dehqonchilik asablarni yumshatadi, odamni harakatlantiradi, tabiatga nisbatan muhabbatni kuchaytiradi va o'z qo'llari bilan dasturhonga sog'lom oziq ovqatlar yetishtirganidan bahri-dili ochiladi.

Ushbu mavzuda hovlida ekin ekishni boshlashda nimalarga e'tibor berish kerakligi haqida qisqacha yozamiz.

1. Nimalar o'stira olaman?
 Eng birinchi yashayotgan joyingizdagi iqlimga qarab qanday o'simliklar yetishtira olishingiz mumkinligi aniqlab oling. Odatda Amerikadagi regionlar/shtatlar zonalarga bo'lingan. 1-13gacha bo'lgan zonalarda qanday sabzavotlar, mevalar yoki turli ko'katlarni o'sishi mahsus haritalarda beriladi. 1-zona bu eng sovuq joylarni o'z ichiga oladi, 13 esa eng issiq. Bunday ma'lumotlarni internetdan yoki mahalliy universitetlar qoshidagi qishloq ho'jaligi bo'limidan so'rab bilishingiz mumkin. Mana shu linkga borib o'zingiz yashaydigan joy indeksini kiritsangiz qaysi zonada ekanligingizni aniqlab beradi.

2. Ekinlar uchun joy ajratish.
Qanday ekinlar yetishtirish mumkinligini aniqlab olgandan keyin endi hovlidagi yerni tayyorlashga harakat qilish kerak. Ekinlar uchun hovlini ma'lum bir qismini yoki hammasini ajratsa bo'ladi. Biz bolalarga ham o'ynash uchun joy bo'lsin deb ekinlar uchun hovlini alohida qismini ajratganmiz. Ajratilgan yerga quyosh yahshi yetishi, suv yetkizish osonroq bo'lishi, odamlarni qatnovi nisbatan kamroq bo'lishi kerak. Agar dehqonchilikka halaqit beradigan turli hayvonlar bo'lsa hovlini temir/tahta devor bilan berkitib olgan yahshi.

3. Tuproqni qanday tayyorlaymiz?
Hovlidagi tuproq har hil bo'lishi mumkin; ba'zilari ekin-tikinga mos yumshoq, o'gitga boy, serunum tuproq bo'lsa ba'zilari umuman ekin ekishga yaroqsiz tosh, qum aralash sifatsiz ham bo'lishi mumkin. Yana bir muhim narsa bu hovlidagi o't (grass/lawn)ga ilgari har hil dorilar, kimyoviy o'g'itlar solingan yoki solinmaganligini aniqlab olish kerak. Amerikada odatda hovlidagi o't/maysalarni yam-yashil olib yurish uchun doimiy dorilar, kimyoviy o'g'itlar solinadi. Bu esa dehqonchilik qilish uchun yahshi emas.
Yahshi tuproq bo'lsa, turli dorilar solinmagan bo'lsa to'g'ridan to'g'ri mavjud o't-o'lanlarni chopib yo'qotib ekin ekish mumkin.
Agar yer yaroqsiz bo'lsachi? Unda eng osoni yerni o't o'lanlardan tozalab yangi sifatli tuproq olib kelib to'ldirish. Bu oson lekin qimmatroq usul. Bundan tashqari yog'ochlardan alohida balandroq so'ri sifatida joylar tayyorlab, tuproq bilan to'ldirib keyin ekish mumkin. Bu usul ham qimmat.
Byudjeti kamroqlar uchun yana bir usul: 
1-ajratilgan yerni o't o'lanlardan tozalandi; 
 2-biroz chuqur tayyorlanadi; 
  
3-chuqurni qurigan barglar, turli meva-sabzavot po'chog'lari, tuhum sarig'i, urug'siz o't o'lanlar bilan to'ldiriladi va suv sepiladi. Yani uzoqroq muddatda tayyorlanadigan kompost/chirindi hosil qilinadi.


4-tayyor bo'lmagan kompost yuqorisini ozgina toza tuproq bilan to'ldiriladi. Kamroq tuproq bilan o'stirsa bo'ladigan ekinlarni mana shu yo'sinda ekib yetishtirish mumkin.

4. Yerni tabiiy boyitish yo'llari.
Yahshi hosil berishi uchun yerni doimo boyitib borish kerak. Tuproqni boqishni ba'zibir tabiiy yo'llari:
-to'htamasdan kompost qilish mumkin. Meva-sabzavot po'choqlari, tuhum yoki yong'oq po'stlari, o't o'lan, barglar, yog'och qirindilar, sigir-qo'y yoki parrandalar o'g'itlari/go'nglari bilan doimo kompost/chirindi qilib tuproq bilan aralashtirib borilsa tuproq yanada boyiydi.
- mahsus mineral tosh qirindilar/kukuni (dust rock) bilan tuproqni mineral tarkibini boyitib borish mumkin. Eng keng qo'llaniladigan mineral tosh kukuni  bu Azomite Trace Mineral Rock Dust deb ataladi.
-chuvalchang o'g'iti/chiqiti ham tuproqni boyitishda katta rol o'ynaydigan boy tabiiy qo'shimcha hisoblanadi. Ularni tayyorlarini ham sotib olib ekinlarga qo'shish mumkin.
chuvalchang o'g'itlari (worm castings)

Dehqonchilik uchun yerni tayyorlagandan so'ng asta sekin ekin ekishni boshlasa bo'ladi. Quyidagi mavzularda qaysi ekinlarni urug'dan va qaysi ekinlarni ko'chatlardan boshlash haqida o'qish mumkin.

Dehqonchilik qilishda bolalarni ko'proq jalb qilishga harakat qilish kerak. Quyida farzandlarimiz turli sabzavot-ko'katlar nomlarini o'zbek, ingliz, arab va rus tilida yozishga harakat qilib  belgilar qilishgan. Bu ham ularda ekin ekish, ularni parvarishga qiziqish uyg'otadi.


Thursday, May 14, 2015

Sog'lom mayonez tayyorlash.


Uyda tayyorlangan mayonez  har hil foydali enzimlar, yog'larga boy bo'ladi va salat yoki buterbrod bilan juda yahshi ketadi. Mayonezni tayyorlash oson, asosiysi to'g'ri va sog'lom yog' topa olish kerak. Biz bilgan sog'lom yog'lardan zaytun yog'i, kakos yog'i, oddiy saryog', zig'ir yog'i, mol/qo'y yog'laridan hech biri yahshi mayonez qilishga to'g'ri kelmadi. Biz asosan salatlar uchun mayonezni ko'p ishlatamiz (hususan bolalarimiz o'zlari salat tayyorlaganda doim mayonez so'rashadi). Shuning uchun yahshi bir mayonez retsepti qidirib ohiri avakado yog'i bilan tajriba qilib ko'rdik. Avakado yog'idan tayyorlangan mayonez juda ham mazali, mayin va boshqa yog'lardagi kabi o'ta o'tkir bo'lib chiqmadi.

Mayonez tayyorlash uchun masalliqlar:
 
1 ta tuhum (hona haroratida turgan)
1 ta tuhum sarig'i (hona haroratida turgan)
1 choy qoshiq dijon mustard (hantallik quyuq sous)
2 osh qoshiq limon suvi
1/2 -3/4 stakan avakado yog'i
chimdim tuz
qo'shimcha 1 osh qoshiq qatiq yoki kefir suvi (zardob)

Tayyorlash jarayoni:
1. Food Processor yoki blenderda butun tuhum, tuhum sarig'i, mustard, tuz, zardob va limon suvini solib yahshilab aralashtiramiz (tahminan 30-45 soniya). 
2. Men blenderda tayyorlayman. Yuqoridagi masalliqlar aralashtirilgandan so'ng blenderni to'htatmasdan, blenderni qopqog'idagi ochiq joyidan avakado yog'ini oz ozdan quyib turamiz. Shu usulda yog' sekin asta boshqa masalliqlar bilan aralashib quyuq mayonez holatiga keladi. Mayonezni quyuq suyuqligiga qarab yog'ni kamroq yoki ko'proq qilish mumkin. Men 3/4 stakan yog' ishlataman.
3. Mayonezni bankaga solib 1-2 haftagacha sovutkichda saqlash mumkin. 
 
 

 Tayyor bo'lgan mayonezni salat yoki buterbrodlarga qo'shib istemol qilish mumkin.

O'g'lim o'zi tayyorlab olgan salati.