Thursday, April 30, 2015

Jismoniy Salomatlik Yo'lida: Tabiiy ozish uchun eng asosiy yo'l yo'rig'lar.


Ushbu blogpost/habarda tabiiy ozishga harakat qilayotganlar uchun o'zimiz qo'llaydigan, bizga foydasi bo'lgan umumiy yo'l yo'riqlarni yozishga harakat qilamiz. Bu yo'l yo'riqlar nafaqat ozish balki tana vaznini bir maromda ushlab turish va umumiy salomatlik uchun ham taaluqlidir.
Eng asosiysi odamda kuchli iroda va salomatlik uchun yetarli va to'g'ri bilim bo'lishi kerak.

Eslatma: Ozish uchun mos bo'lgan taomlar mavzusi orqali ozish uchun to'g'ri keladigan ba'zi taomlarni keltirib boramiz.
1. Avvalo yahshi/to'g'ri niyyat qiling. 
Tanamiz biz uchun Allohdan omonat, uni sog'lom, chiroyli saqlab yurishga ma'sulmiz. To'g'ri va sog'lom ovqatlanish, muntazam jismoniy harakat, asablarni saqlash, zararli narsalarda saqlanish hammasi sog'lom hayot tarzini tashkil qiladi.

2. Yetarli ovqatlaning, (kam ham, ortiqcha ham bo'lmasin).
Aksariyat paytda juda ko'pchiligimiz kerakgidan ortichqa yeymiz. Tana uchun o'rtacha qancha ovqat kerakligini aniqlab olib, shunga qarab ovqatlanish zarurdir.
Kam yesam tezroq ozaman deyish noto'g'ri. Unda metabolizm sustlashib, keyin sekin ishlaydigan bo'lib qoladi. Ortiqcha yemaslikka ham harakat qiling.  O'rtacha harakat bo'lgan o'smirlik davridan o'tgan ayollar kuniga o'rtacha 1700-2000 kaloriya talab qilsa, ozish uchun kunlik kaloriya miqdorini 1200-1400 ga tushurish kerak.  Undan kam ham, ko'p ham bo'lmagani durust. Agar istemol qilayotgan ovqatlaringizni kaloriyasini yahshi bilmasangiz  kaloriyalarni sanab beradigan programmalardan foydalaning (hech bo'lmaganda boshida).

3. Uglevod miqdori baland (kaloriyalik) taomlardan chetlaning.
 Uglevod miqdori baland oziq ovqatlar ozishga halaqit beradi, tez semirtiradi, insulinni meyorida olib yurishda to'sqinlik beradi va askariyat hollarda u darajada ozuqa moddalariga boy hisoblanmaydi.
Uglevod miqdori baland oziq ovqatlarga misollar:
a) Non va hamirli ovqatlar (to'g'ri va sog'lom tayyorlangan bo'lsada) ;
b) don (guruch, arpa, suli, tariq kabi);
c) mevalar;
d) shakar va shakar o'rnida qo'llaniladigan narsalar;
Ushbu oziq ovqatlarni kundalik istemoldan keskin kamaytirishga harakat qiling.
Vaznni meyorida keltirgandan keyin yana don va mevalarni meyorida yeyish mumkin.

4. Ozuqa moddalari zich bo'lgan oziq ovqatlar tanlashga o'rganing. 
Ba'zi oziq ovqatlar ozuqa moddalar zichligi bilan boshqa oziq ovqatlardan ustunroq hisobanadi va ozishda ham yordam beradi. Ozuqa moddalarga boy oziq ovqatlarga misollar: 
A) organ go'shtlari (jigar, til, yurak);
B) baliq, go'sht, tuhum;
C) ba'zi sut mahsulotlari (kefir, qatiq, pishloq);
D) sog'lom yog'lar (saryog', kakos yog'i, zaytun yog'i, baliq yog'i);
E) yong'oq va turli urug'lar;
F) Turli hil sabzavot va to'q yashil bargli ko'katlar (kaloriyasi kam, lekin vitamin, minerallarga boy). 

5. Jismoniy harakat/mashg'ulot bilan shug'ullaning.
Ozishni tezlashtirish uchun va sog'lom bo'lish uchun jismoniy mashg'ulot qilish albatta zarur. Qanday mashg'ulot bo'lmasin doimiy bo'lishi kerak. Asosiysi ko'p o'tirish, sust harakatda bo'lishlik, ko'p yotib dam olishlik holatlarini kamaytiring.  Quyidagi postda bir nechta mashg'ulotlar namunasini ko'rsatganmiz.

6. Yetarlicha dam oling. 
Kechqurun 9-10dan boshlab dam olishga harakat qiling. Ertalabki namozga ham vaqtida turish uchun qancha erta yotishga harakat qilinsa shuncha yahshi. Yetarlicha uyqu 8 soat, kamida 6-7 soatni mo'ljallang. Sifatli uyqu tana uchun juda zarur va ko'p foydali bor.

7. Vaqtlik ro'za tutish bilan shug'ullaning.
Vaqtlik ocharchilik/ro'za tutish (intermittent fasting)- kunlik taomlarni kunning ma'lum bir vaqtiga ti'g'izlab yeyishlikka o'rganish, qolgan paytida esa hazm qilish tizimiga, tanaga dam berishlikdir. Masalan bugun eng ohirgi kech ovqatni 6 da yeb tugatasiz va ertangi kunlik nonushtani o'tkizib yuborasiz. Nonushta va tushlikni birgalikda 11-12 larda tanovvul qilasiz (albatta sog'lom ovqatlar bilan). Oradagi 15-18 soat "ovqat yeyilmaydigan vaqt oralig'i" hisoblanadi va  hazm qilish tizimi biroz dam oladi; uglevoddan olinadigan energiya zahirasi tugab, sekin asta tanadagi ortiqcha yog'lar energiyaga aylanib ishlashni/erishni boshlaydi.  15-18 soatlik ro'zadan keyin ovqatlanishdan avval jismoniy mashg'ulot bilan shug'ullanish undan ham foydaliroq va samaraliroq hisoblanadi. Bunday ocharchilik paytida suv, dorivor o'tli yoki oddiy choy ichish mumkin (shirinliksiz). Kunlik kaloriyangizni mana shu ikki mahalgi ovqatga taqsimlab istemol qilishga odatlanishingiz kerak. Bunday ro'za yoki ocharchilikni haftada 1-2 kun qilish mumkin. Bundan tashqari haqiyqiy nafl ro'zalari ham juda foydali hisoblanadi. Haftaning dushanba va payshanba kunlarida nafl ro'za tutishga odatlaning, shu kunlari jismoniy mashg'ulotlaridan ham dam olsangiz bo'ladi.

8. Doimiy ijobiy o'ylang.
Yahshi niyyat qiling,  shu narsa qo'limdan keladi  deb harakat qilishga o'rganing. Ozishni, sog'lom bo'lishni ko'p foydalari borligi haqida fikrlar almashtirib yuring.

9.  Aldamchi dieta yoki programmalarga aldanib qolmang.
Ozish uchun chiqarilgan, turli reklama qilinadigan dori, tayyor ovqatlardan, mahsus dietalardan umuman foydalanmang. Sog'lom tabiiy ozishning faqat bitta yo'li bor; to'g'ri va sog'lom ovqatlanish, yetarlicha jismoniy harakatda bo'lishlik, yetarlicha dam olish va asablarni to'g'rilash.

10. Mashg'ulotlaringizni o'zgartirib yuring.
 Badantarbiya mashg'ulotlarini vaqti vaqti bilan o'zgartirib turing. Zerikib qolmaysiz. Uyda shug'ullanish yoqmasa tashqarida yuring, yuguring, dehqonchilik qiling, bolalar bilan o'ynang. Nima qilganda ham doimo harakatda bo'lishga harakatda bo'ling.

11. Turli yig'ir va ziyofatlarda ehtiyot bo'ling.
Mehmondorchilikka yoki turli restoranlarga borishdan avval  sog'lom kichikroq taom istemol qiling va ziyofat davomida ko'p yeb yubormaslikka harakat qiling.

12. Oshxona va uyni turli nosog'lom ovqatlardan tozalang.
 Bu hamma uchun foydali.

13. Kun bo'yi o'tirib qolmang.
Ishxonada ham doimo o'tirishga to'g'ri kelsa tez tez tanaffus olishga harakat qiling.

14. Yetarlicha suv iching.

15. Chinakam amal qilsa bo'ladigan maqsad tuzib oling.
 Boshida aniqroq bir maqsad qo'yib o'shanga yetishishga harakat qiling. Masalan 1 oyda 2-3 kg yo'qotishim kerak, buning uchun rejam quyidagicha deb reja tuzib va shunga qarab harakat qiling.


Qo'shimcha:
Tanadagi ortiqcha yog'larni eritadigan gormonlarga turtki beradigan oziq-ovqatlarga misollar:
1. Achchiq qalampir - metabolizmga turtki berib, qon tomirlardagi yomon yog'larni kamaytirishga yordam beradi.
2. Zanjabil (ginger)- qon tomirlarni kengaytiradi, metabolizmni kuchaytiradi, qon aylanishga turtki buladi.
 3. Kalsiyga boy ovqatlar: sut, qatiq, to'q yahshil bargli ko'klar (kale, spinach, romaine, brokli).
 4. Sitrus mevalardan grapefruit, limon yoki kiwi (vitamin C ham yog'larni suyultirib, tanadan tezroq chiqishga yordam beradi.
5. Ko'k choy.
6. Chesnok.
7. Oqsilga boy ovqatlar (go'sht, tuhum, baliq kabi).
8. Baliq (Salmon kabi- omega 3'ga boy).
9. Tuhum (oqsil va vitamin B12'ga boy).
 
Mavzuga bog'liq boshqa habarlar:
1. Sog'lom hayot tarzining muhumligi va semizlik haqida quyida o'qish mumkin.
   
2. Kundalik istemolda asosan qaysi mahsulotlarga katta e'tibor berish kerakligi (fiber, oqsil, uglevod, yog' vhkz) haqidagi ma'lumotlar haqida shu yerda o'qing.

3. Zararli oziq-ovqatlar guruhi haqida shu yerda o'qing.

4. Sog'lom oziq ovqatlar  guruhi haqida shu yerda o'qing.

5.Jismoniy salomatlik yo'lida: Jismoniy badantarbiyaning ahamiyati haqida shu yerda o'qishingiz mumkin.

Wednesday, April 29, 2015

Bodom suti (va unini) tayyorlash

Bodom ham boshqa yong'oq va urug'lar kabi juda foydali hisoblanadi. Bodom tarkibida sog'lom yog'lar, magniy, mis, fosfor, Vitamin E, Vitamin B va boshqa ozuqa moddalari bor. Bodom istemoli yurak va suyaklar salomatligida, ozish yoki vaznni me'yorida saqlab yurishda, qand kasallik kabi turli kasalliklarni oldini olishda katta yordam beradi.
Bodomni istemol qilish uchun imkon boricha avval tuzli suvda ivitib (so'ng quritib) olish kerak. Bundan tashqari ivitilgan bodomdan sut ham tayyorlasa bo'ladi va bu uy sharoitida juda ham oson va tez. Bodom sutini sigir yoki boshqa o'simliklar suti o'rnida istemol qilsa bo'ladi. Bu ayniqsa sigir sutiga allergiyasi borlar uchun qulaydir.

Kerakli massaliqlar:
1 stakan ivitilgan bodom (kamida 12 soat tuzli suvda ivitib olish kerak)
3 stakan filterlangan suv
1 osh qoshiq kakos yog'i
bir chimdim tuz
ta'bga ko'ra vanillin va hurmo bo'lakchalari, asal yoki maple siropi

Tayyorlanishi:
Ivitilgan bodomlarni yahshilab yuvib tashlab, po'stini olib tashlaymiz (hohlovchilar albatta). 
So'ng filterlangan suv, tuz va kakos yog'i va bodomlarni blenderga solib aralashtiramiz. Sut mayin, qaymoqli bo'lishi kerak, 1-2 minut ketishi mumkin qanday blender ishlatishga qarab.

 Hosil bo'lgan suyuq sut bilan quyuq massa ham paydo bo'ladi. Shuning uchun sutni toza doka yoki sochiq bilan suzib olamiz. Sutni ta'bga qarab biroz shirinlashtirish mumkin va 3-4 kun sovutkichda saqlasa bo'ladi. Bodomni quyuq qismini esa duhovkaning eng past olovida quritib olib turli taom yoki shirinlik tayyorlashda un sifatida ishlatish mumkin.
bodom uni
 Bodom unidan tayyorlangan shirinliklar.

Banan va bodom unilik piroglar retseptini shu yerdan topish mumkin. Bu shirinlikda bananda boshqa hech qanday shirinlik qo'shilmaydi.

Bodom uni, banan, kakao kukuni, kakos parchalari va kakos yog'idan tayyorlangan pishiriqlar

 Shirin kartoshka va bodom unidan tayyorlangan pishiriqlar

Tuesday, April 28, 2015

Gulkaramlik pizza


Turli don unlaridan  (bug'doy, guruch, grechka, quinoa) pizza tayyorlash o'rniga sog'lom sabzavotlardan ham pizza tayyorlasa bo'lar ekan. Kundalik istemoldagi don yoki unlarni chegaralashni bir usuli un o'rniga sabzavot yoki donli bo'lmagan unlik turli retseptlar bilan tajriba qilib ko'rishdir. Bunday taomlar tish yoki milklarni davolayotgan, ozish uchun harakat qilayotganlar yoki normal vaznini saqlashga harakat qilayotlar uchun ham to'g'ri keladi (chunki uglevodi ancha past bo'lgani uchun kaloriyasi ham kam).
 Bu safar pizza nonini gulkaramdan tayyorlaymiz. 
Kerakli massalliqlar:
1 boshli gulkaram (food processor'da mayda chiqarilgani yoki qirg'ichda maydalangani) 3-4 stakan chiqishi kerak
ta'bga ko'ra tuz va turli ko'kat yoki ziravorlar
1/2 stakan suv
1 ta katta tuhum
1/4 stakan maydalangan pishloq yoki cream cheese

Gulkaramni yahshilab yuvib olib, food processor'da un kabi maydalab olish kerak. Men oddiy qirg'ichdan chiqardim mayda qilib.
Keyin uni ozgina suv bilan bug'lab olamiz. Gulkaram yumshab, suvini chiqaradi, tahminan 5-6 minut ketadi.
Bug'langan gulkaram maydasini biroz sovutgacha toza doka/sochiqqa solib, yahshilab bor suvini chiqaramiz.
So'ngra boshqa masalliqlarni qo'shib, yahshilab aralashtirib hamir holatiga keltiramiz. Listni qog'oz bilan qoplab, gulkaramlik hamirni asta sekin pizza noni shaklida yoyamiz. Oldindan 375 F'da qizdirilgan duhovkada 35-40 minut pishirib olamiz.
 
Gulkaram noni pishgach hohlagan qo'shimcha masalliqlar bilan pizzani to'ldirib, yana biroz duhovkada pishirib olamiz. Eng asosiysi masalliqlar tez pishadigan yoki oldindan tayyorlangan bo'lishi kerak (masalan pishgan go'sht). Men turli yengil pishirilgan sabzavotlar, pishloq va pishirilgan tovuqlardan tayyorlayman.
 
 
 Pishgach biroz sovutib, keyin bo'laklarga bo'lib tanovvul qilamiz!