Friday, May 22, 2015

Boshlang'ich dehqonlar uchun oson yetishtiriladigan ekinlar.

Hovlidagi tuproq yahshi bo'lsa eng oson narsa bu turli ko'katlar o'stirishdir. Ko'katlar, to'q yashil bargli o'simliklar  turli vitamin va minerallarga juda boy bo'ladi. Beda, ismaloq, kale, jambil, kashnich, ukrop, ko'p piyozlar sovuqqa chidamli va ko'p parvarish talab qilmaydigan o'simliklar hisoblanadi.


Sabzavotlardan cherry pomidor, sabzi, sholg'om, rediska, qizilcha, zukkini, okra kabilarni yetishtirish nisbatan oson.

 

cherry pomidor va bulg'ori qalampir hosili

Malina ham nisbatan oson parvarish qilinadigan ko'p yillik o'simlik hisoblanadi.

Sarimsoq kuz ohirida ekilib, yozni o'rtalarida tayyor bo'ladi. Piyoz esa erta bahorda ekilib yoz ohirlarida tayyor bo'ladi. Sarimsoq va piyoz ham boshlovchi dehqonchilar uchun juda mos.

 Gullardan  chechak (nasturtium) va gulijavhar (marigold)larni parvarish qilish oson va gullarini istemol qilsa bo'ladi. Ekinlarni turli hasharotlar saqlashda ushbu gullar yordam beradi.

Bu ekinlarni yetishtirish uchun asosiysi yahshi quyoshli yer, yetarli suv va unumli tuproq kerak bo'ladi. Va albatta yovvoyi o'tlardan tozalab turish kerak.

Ekinlarni urug'dan boshlagan ma'qulmi yoki ko'chatdan? (2-qism)


Turli o'simlik, sabzavot, ko'kat va gullar o'stirishni odatda urug', piyoz, ildiz yoki ko'chatdan boshlanadi. Bu mavzuda qaysi o'simliklarni ko'chatlardan boshlash qulay, tejamkor va osonligi bo'yicha  o'z tajribalarimizdan qisqacha ma'lumotlar yozamiz. Qaysi o'simliklarni urug'lardan boshlash haqida quyidagi mavzuda o'qish mumkin.

Biz turgan joylar shimol tomon bo'lib, biroz sovuqroq shuning uchun ekin ekish May oyining 2chi yarmidan  keyin boshlanadi va Sentyabrni ohiracha davom etadi. Nozik o'simliklarga kuzdagi ilk sovuq (Senyabrni ohirlarida) tasir qilib, shikast yetkazadi. Yillik o'rtacha ekin o'stirish muddati 110 kunlar atrofida. Shuning uchun aksariyat ekinlarning ko'chatlari odatda may oyi o'rtasi yoki ohirida ekiladi.


1. To'q yashil rangli o'simlik/ko'katlardan kale, collard greens, romaine lettuce, bok-choy kabilarni ko'chatlardan boshlagan ma'qul. Bu o'simliklar sovuqni yahshi ko'radi, issiqda esa biroz qiynalashadi, shuning uchun erta bahorda hali havo sovuqroq paytida, ko'chatlar sotuvga chiqqan paytidan boshlab ekib qo'yish mumkin.
Kale
Romaine lettuce (salat bargi )

bok-choy, gulkaram, brokkoli ham ko'chatlardan boshlanadi


2. Eng ko'p istemol qilinadigan sabzavotlardan biri pomidor  ham ko'chatlardan boshlangani ma'qul. Pomidor sovuqqa chidamli emas, shuning uchun harorat yetarli issigan paytidan ko'chatlarni ekishni boshlash kerak.
Pomidorlar uchun maxsus temir uzun quti-qafas tayyorlansa pomidor yuqoriga yahshi o'sib chiqib ketadi, mevalari ham quruq, toza holatda pishib yetiladi.



3. Baqlajon ham eng osoni tayyor ko'chatlardan boshlangani ma'qul.


4. Bulg'ori qalampir, qalampirlar ham ko'chatlardan boshlansa bo'ladi. Ayniqsa issiq kunlar kamroq joylarda hosilni ertaroq olish uchun ko'chatlardan boshlangani ma'qul.

5. Bodringni ham ko'chatlardan boshlasa hosil tezroq bo'ladi.

6.Ko'katlardan timyan (thyme), rozmarin (rosemary), ko'k piyoz (chives) va lavander ham ko'chatlardan boshlangani yahshi.

Lavanda (Lavender)

Rozmarin
Uzun ko'k piyoz (Chives)

Davomi bor...








Ekinlarni urug'dan boshlagan ma'qulmi yoki ko'chatdan? (1- qism)


Turli o'simlik, sabzavot, ko'kat va gullar o'stirishni odatda urug', piyoz, ildiz yoki ko'chatdan boshlanadi. Bu mavzuda qaysi o'simliklarni urug' yoki piyozlardan boshlash kerakligi  bo'yicha o'z tajribalarimizdan qisqacha ma'lumotlar yozamiz. Qaysi o'simliklarni urug'lardan boshlash haqida quyidagi mavzuda o'qish mumkin.

Biz turgan joylar shimol tomon bo'lib, biroz sovuqroq shuning uchun ekin ekish May oyining 2chi yarmidan  keyin boshlanadi va Sentyabrni ohiracha davom etadi. Nozik o'simliklarga kuzdagi ilk sovuq (Senyabrni ohirlarida) tasir qilib, shikast yetkazadi. Yillik o'rtacha ekin o'stirish muddati 110 kunlar atrofida. Shuning uchun aksariyat ekinlarning ko'chatlari odatda may oyi o'rtasi yoki ohirida ekiladi.

1.Quyidagi  ko'katlarni urug'lardan boshlash mumkin: kashnish, ukrop, jambil, rayhon, yalpiz va boshqalar.

jambil
2. Biz o'stiradigan to'q yashil bargli o'simliklardan quyidagilarini urug'lardan boshlash mumkin:  ismaloq, salat barglari, beda, arugula, sholg'om va qizilcha barglari.



3. Yana bir urug'dan boshlash kerak bo'lgan sabzavot bu sabzidir. Sariq yoki qizil rangli sabzi urug'laridan o'stirish mumkin.




4. Zukkini va oshqovoqlar kabilarni urug'lardan oson o'sitirish mumkin. Ko'p ishlov talab qilmaydi, asosiysi yahshi tuproq, quyosh va yetarlicha suv.
 5. Qizilcha ham urug'lardan boshlanadi va  sovuqqa chidamli hisoblanadi. Barglari va mevasini istemol qilish mumkin va juda foydali.
qizilcha
 6. Mayda no'hatlar (snow peas, snap peas)-erta bahorda urug'lardan boshlanadi, yengilroq sovuqqa chidamli va  birinchilardan bo'lib  hosil beradigan sabzavotlardan biri.
 7. Sarimsoq bo'laklari/donalari kuz ohirida ekiladi va yozni o'rtalarida tayyor bo'ladi. Piyoz esa erta bahorda  ekilib yoz ohirlarida tayyor bo'ladi. 

8.Kartoshka alohida urug' uchun tayyorlangan butun kartoshkalardan boshlanadi. Agar yahshi qaralsa juda yahshi hosil beradi, uyda yetishtirilgan kartoshkani mazasi boshqacha bo'ladi. Tuproq toza, yetarli ozuqalarga boy bo'lsa bu sabzavot ko'p mehnat, suv talab qilmaydi. Faqat turli kasallik, zararkunandalardan ehtiyot qilish kerak.

qizil kartoshka

Friday, May 15, 2015

Uy hovlisida dehqonchilik uchun yer tayyorlash.

 Hovlisi bor uyda yashaydiganlar yerdan unumli foydalanish uchun o'zlari istagan meva-sabzavotlar va turli ko'katlar ekib o'stirishlari mumkin. Uy yetishtirilgan sabzavotlar va ko'katlar turli kimyoviy dorilardan holi, mazaliroq, toza va sof bo'ladi. Odatda kunning ma'lum bir qismi ekinlarni parvarishiga ketadi (odatda issiq, quyosh nuri ko'p paytda), huddi shu paytda odam o'ziga yetarli quyosh nuri olishi mumkin va yetarli tabiiy Vitamin D hosil qiladi. Dehqonchilik asablarni yumshatadi, odamni harakatlantiradi, tabiatga nisbatan muhabbatni kuchaytiradi va o'z qo'llari bilan dasturhonga sog'lom oziq ovqatlar yetishtirganidan bahri-dili ochiladi.

Ushbu mavzuda hovlida ekin ekishni boshlashda nimalarga e'tibor berish kerakligi haqida qisqacha yozamiz.

1. Nimalar o'stira olaman?
 Eng birinchi yashayotgan joyingizdagi iqlimga qarab qanday o'simliklar yetishtira olishingiz mumkinligi aniqlab oling. Odatda Amerikadagi regionlar/shtatlar zonalarga bo'lingan. 1-13gacha bo'lgan zonalarda qanday sabzavotlar, mevalar yoki turli ko'katlarni o'sishi mahsus haritalarda beriladi. 1-zona bu eng sovuq joylarni o'z ichiga oladi, 13 esa eng issiq. Bunday ma'lumotlarni internetdan yoki mahalliy universitetlar qoshidagi qishloq ho'jaligi bo'limidan so'rab bilishingiz mumkin. Mana shu linkga borib o'zingiz yashaydigan joy indeksini kiritsangiz qaysi zonada ekanligingizni aniqlab beradi.

2. Ekinlar uchun joy ajratish.
Qanday ekinlar yetishtirish mumkinligini aniqlab olgandan keyin endi hovlidagi yerni tayyorlashga harakat qilish kerak. Ekinlar uchun hovlini ma'lum bir qismini yoki hammasini ajratsa bo'ladi. Biz bolalarga ham o'ynash uchun joy bo'lsin deb ekinlar uchun hovlini alohida qismini ajratganmiz. Ajratilgan yerga quyosh yahshi yetishi, suv yetkizish osonroq bo'lishi, odamlarni qatnovi nisbatan kamroq bo'lishi kerak. Agar dehqonchilikka halaqit beradigan turli hayvonlar bo'lsa hovlini temir/tahta devor bilan berkitib olgan yahshi.

3. Tuproqni qanday tayyorlaymiz?
Hovlidagi tuproq har hil bo'lishi mumkin; ba'zilari ekin-tikinga mos yumshoq, o'gitga boy, serunum tuproq bo'lsa ba'zilari umuman ekin ekishga yaroqsiz tosh, qum aralash sifatsiz ham bo'lishi mumkin. Yana bir muhim narsa bu hovlidagi o't (grass/lawn)ga ilgari har hil dorilar, kimyoviy o'g'itlar solingan yoki solinmaganligini aniqlab olish kerak. Amerikada odatda hovlidagi o't/maysalarni yam-yashil olib yurish uchun doimiy dorilar, kimyoviy o'g'itlar solinadi. Bu esa dehqonchilik qilish uchun yahshi emas.
Yahshi tuproq bo'lsa, turli dorilar solinmagan bo'lsa to'g'ridan to'g'ri mavjud o't-o'lanlarni chopib yo'qotib ekin ekish mumkin.
Agar yer yaroqsiz bo'lsachi? Unda eng osoni yerni o't o'lanlardan tozalab yangi sifatli tuproq olib kelib to'ldirish. Bu oson lekin qimmatroq usul. Bundan tashqari yog'ochlardan alohida balandroq so'ri sifatida joylar tayyorlab, tuproq bilan to'ldirib keyin ekish mumkin. Bu usul ham qimmat.
Byudjeti kamroqlar uchun yana bir usul: 
1-ajratilgan yerni o't o'lanlardan tozalandi; 
 2-biroz chuqur tayyorlanadi; 
  
3-chuqurni qurigan barglar, turli meva-sabzavot po'chog'lari, tuhum sarig'i, urug'siz o't o'lanlar bilan to'ldiriladi va suv sepiladi. Yani uzoqroq muddatda tayyorlanadigan kompost/chirindi hosil qilinadi.


4-tayyor bo'lmagan kompost yuqorisini ozgina toza tuproq bilan to'ldiriladi. Kamroq tuproq bilan o'stirsa bo'ladigan ekinlarni mana shu yo'sinda ekib yetishtirish mumkin.

4. Yerni tabiiy boyitish yo'llari.
Yahshi hosil berishi uchun yerni doimo boyitib borish kerak. Tuproqni boqishni ba'zibir tabiiy yo'llari:
-to'htamasdan kompost qilish mumkin. Meva-sabzavot po'choqlari, tuhum yoki yong'oq po'stlari, o't o'lan, barglar, yog'och qirindilar, sigir-qo'y yoki parrandalar o'g'itlari/go'nglari bilan doimo kompost/chirindi qilib tuproq bilan aralashtirib borilsa tuproq yanada boyiydi.
- mahsus mineral tosh qirindilar/kukuni (dust rock) bilan tuproqni mineral tarkibini boyitib borish mumkin. Eng keng qo'llaniladigan mineral tosh kukuni  bu Azomite Trace Mineral Rock Dust deb ataladi.
-chuvalchang o'g'iti/chiqiti ham tuproqni boyitishda katta rol o'ynaydigan boy tabiiy qo'shimcha hisoblanadi. Ularni tayyorlarini ham sotib olib ekinlarga qo'shish mumkin.
chuvalchang o'g'itlari (worm castings)

Dehqonchilik uchun yerni tayyorlagandan so'ng asta sekin ekin ekishni boshlasa bo'ladi. Quyidagi mavzularda qaysi ekinlarni urug'dan va qaysi ekinlarni ko'chatlardan boshlash haqida o'qish mumkin.

Dehqonchilik qilishda bolalarni ko'proq jalb qilishga harakat qilish kerak. Quyida farzandlarimiz turli sabzavot-ko'katlar nomlarini o'zbek, ingliz, arab va rus tilida yozishga harakat qilib  belgilar qilishgan. Bu ham ularda ekin ekish, ularni parvarishga qiziqish uyg'otadi.


Thursday, May 14, 2015

Sog'lom mayonez tayyorlash.


Uyda tayyorlangan mayonez  har hil foydali enzimlar, yog'larga boy bo'ladi va salat yoki buterbrod bilan juda yahshi ketadi. Mayonezni tayyorlash oson, asosiysi to'g'ri va sog'lom yog' topa olish kerak. Biz bilgan sog'lom yog'lardan zaytun yog'i, kakos yog'i, oddiy saryog', zig'ir yog'i, mol/qo'y yog'laridan hech biri yahshi mayonez qilishga to'g'ri kelmadi. Biz asosan salatlar uchun mayonezni ko'p ishlatamiz (hususan bolalarimiz o'zlari salat tayyorlaganda doim mayonez so'rashadi). Shuning uchun yahshi bir mayonez retsepti qidirib ohiri avakado yog'i bilan tajriba qilib ko'rdik. Avakado yog'idan tayyorlangan mayonez juda ham mazali, mayin va boshqa yog'lardagi kabi o'ta o'tkir bo'lib chiqmadi.

Mayonez tayyorlash uchun masalliqlar:
 
1 ta tuhum (hona haroratida turgan)
1 ta tuhum sarig'i (hona haroratida turgan)
1 choy qoshiq dijon mustard (hantallik quyuq sous)
2 osh qoshiq limon suvi
1/2 -3/4 stakan avakado yog'i
chimdim tuz
qo'shimcha 1 osh qoshiq qatiq yoki kefir suvi (zardob)

Tayyorlash jarayoni:
1. Food Processor yoki blenderda butun tuhum, tuhum sarig'i, mustard, tuz, zardob va limon suvini solib yahshilab aralashtiramiz (tahminan 30-45 soniya). 
2. Men blenderda tayyorlayman. Yuqoridagi masalliqlar aralashtirilgandan so'ng blenderni to'htatmasdan, blenderni qopqog'idagi ochiq joyidan avakado yog'ini oz ozdan quyib turamiz. Shu usulda yog' sekin asta boshqa masalliqlar bilan aralashib quyuq mayonez holatiga keladi. Mayonezni quyuq suyuqligiga qarab yog'ni kamroq yoki ko'proq qilish mumkin. Men 3/4 stakan yog' ishlataman.
3. Mayonezni bankaga solib 1-2 haftagacha sovutkichda saqlash mumkin. 
 
 

 Tayyor bo'lgan mayonezni salat yoki buterbrodlarga qo'shib istemol qilish mumkin.

O'g'lim o'zi tayyorlab olgan salati.

Wednesday, May 13, 2015

Allergiyani dieta bilan davolash mumkinmi?

 
Allergiya bu  organizmga tashqaridan kirgan har xil yot moddalarga nisbatan paydo bo‘ladigan gipersezuvchan reaksiya hisoblanadi. Bunday yot moddalar-allergenlar bo'lib, aksariyat holatlarda zararli hisoblanmaydi (yani ko'p odamlarga uni yomon ta'siri yo'q). Ba'zi odamlarning immunitet tizimi ushbu allergenlarni zararli begona moddalar deb bilib, ular bilan kurashib yo'q qilishga harakat qiladi.
Allergenlar tabiatda, oziq-ovqatlarda, uydagi atrof-muhitda topilishi mumkin. Odam biror narsaga allergiyasi bo'lsa odatda buni belgisini terida, hazm qilish tizimida, nafas yo'llarida, burun yoki ko'zlardagi o'zgarishlar orqali bilishadi. 

Biz yozmoqchi bo'lgan gulchanglar alleriyasi bu turli daraxt, o't yoki o'simliklar gul changlariga (pollen) bo'lgan o'ta sezuvchi reaksiya bilan bog'liq. Ba'zan uni bahor tumovi ham atashadi. Bu mavsumiy holat bo'lib, har yilning ma'lum bir vaqtida qayta qayta takrorlanadi. Bunday allergiyani eng asosiy belgilari huddi oddiy shamollashga o'hshaydi:
  • Ko'zlar qichishadi va yoshlanadi;
  • Burunlar qichishadi, oqadi yoki bitib qoladi;
  • Ko'p aksirish bo'ladi;
  • Tomoqlar ham qichishib, biroz yo'talish bo'lishi mumkin;
  • Quvvat ketib, holsizlanish yuzaga kelishi mumkin.
 (Mavsumiy gulchangi allergiyasi -hay fever, seasonal allergies nomi bilan ataladi ingliz tilida.)

Ushbu allergiyani davolashda yoki uni yomon bo'lib ketishini nazorat qilishda bizga asosan dieta va dorivor giyohlar yordam berdi. Dieta, ya'ni to'g'ri ovqatlanish allergiyani davolashda katta yo'l ko'rsatar ekan. Allergiya mavsumida (daraxt yoki o'tlar gulchanglari ko'paygan paytda) dietani yanada ham qattiqroq nazorat qilish kerak.

Dietaning eng asosiy yo'l yo'riqlari

Nimalarni istemol qilish mumkin:
(Ushbu oziq ovqatlarni to'g'ri tanlash bo'yicha ko'rsatmalarni quyida o'qib chiqish mumkin)

Go'sht: sigir, qo'y, echki, tovuq kabilarni go'sht va organlari.
Baliq: turli toza suvda tutilgan baliqlardan seld, salmon, sardina kabi.
Tuhum: Omega-3 ga boy sifatli tuhumlar.
Sabzavotlar: to'q yashil bargli ko'katlar, sholg'om, turp, sabzi, karam, brokkoli, kartoshka, balgarskiy, gulkaram, qovoq kabilar.
Mevalar: olma, nok, kiwi, sitrus mevalar, qulupnay, malina, maymunjon kabilar.
Yong'oq va urug'lar: turli yong'oqlar, bodom, handon pista, kunjut, zig'ir, kungaboqar, chia urug'lari kabi.
Sog'lom yog'lar: zaytun yog'i, kakos yog'i, avakado yog'i, qo'y yog'i va saryog'.
Sut mahsulotlaridan: kefir yoki qatiq (ulardan tayyorlangan tvorog) va ba'zi pishloq turlari.
Ziravorlar: tuz va turli sifatli ziravorlar. 

Chegaralangan holatda istemol qilinishi bo'lgan oziq-ovqatlar:
Donlar (marjumak/grechka, guruch, quinoa va hamirturushlik non);
Dukkakliklar (yasmiq/lentil, no'hat, mosh kabi)
Tabiiy shirinlik (maple siropi yoki asal)
Kakao kukuni yoki shakari kam shokolad
Sut mahtulotlaridan: sifatli pishloq, qaymoq yoki hom sut.

Ushbu oziq-ovqatlarni to'g'ri istemol qilish haqida batafsil quyidagi sahifada ham o'qib chiqish mumkin.

Eslatma: Allergiya mavsumida chegaralangan oziq-ovqatlarni umuman istemol qilmaslik tavsiya qilinadi. Ayniqsa shakar va shirinliklarning ozginasi ham allergiyani qo'zg'atib yuboradi.

Yemaslikka harakat qilish kerak bo’lgan oziq ovqatlar guruhi:
  1. Oq unlik ovqatlar (non, somsa, hamirli ovqatlar kabi)
  2. Shakar yoki har hil shirinliklar, ichimliklar (onda sondda maple syrup, asaldan tashqari)
  3. Har hil tayyor, yarim tayyor ovqatlar. Hususan turli unlardan (bug'doy, makka, grechka, guruch, suli) tayyorlangan non va non mahsulotlari, hatto qayta ishlanmagan qora (whole) bo'lsa ham. Chunki to'g'ri usulda tayyorlanmagan.
  4. Qayta ishlangan o'simlik yog'lari. 
  5. Har hil sintetik vitaminlar.
  6. Oshiqcha pasterizatsiyalangan sut va sut mahsulotlari. 
Immunitetni kuchaytiradigan oziq-ovqatlarni ko'paytirish ham tavsiya qilinadi: fermentlangan sabzavotlar, suyakli sho'rva va fermentlangan sut mahsulotlari. Ushbu mavzu haqida quyida ko'proq ma'lumot topsa bo'ladi. 

Allergiya mavsumi paytida nima qilish kerak?  
Agar doimiy to'g'ri ovqatlanish bilan ham allergiya boshlanib qolsa bir qancha usullar bilan allergiya belgilarini kamaytirish mumkin.
 
1. Dietaga qattiqroq e'tibor berish kerak.
Aslida sog'lom lekin allergiyani qo'zg'atish mumkin bo'lgan ovqatlardan chetlanish kerak.
Gulchangi allergiya mavsumi boshlanishidan oldin imkon bo'lsa mahalliy sifatli, hom asal va ari poleni istemoli qilish turishlik ham yordam beradi. Allergiya belgilari ko'ringan paytida ozgina asal, zanjabil va kakos yog'i bilan iliq suv bilan ichimlik qilib ichib yurish ham mumkin.

2. Allergiya belgilarini kamaytirishda turli dorivor giyohlardan foydalanish mumkin.
Bizga foydasi bo'lgan giyohlar (ingliz tilidagi nomlari: Goldenseal roots, Butterbur roots, Stinging Nettle Leaves. Hammasini quritilganini  choy qilib ichish ham mumkin yoki tabletka yoki tayyor suyuq holatdagisini topib istemol qilish ham mumkin.

3. Allergiyani davolashda yana burunni yuvish/chayish usuli ham yordam beradi. Tuzli suv bilan mahsus idishda burunlar chayilib turiladi.
4. Allergiya mavsumi kuchaygan paytlarda omega-3 (baliq, zig'ir urug'i, yong'oq kabi); kvertsin/quercetin (olma, piyoz, petrushka, lettuce, pomidor, brokkoli, balgarskiy, malina kabi);va Vitamin C larga boy oziq ovqatlarni ko'paytirishning ham foydasi bo'ladi .

5. Allergiya belgilari boshlangan paytida imkon boricha ko'proq dam olishga harakat qilish kerak. Shamollagan bemorga berilgani kabi har hil suyuq va achchiq sho'rvalar, zanjabil/limonlik choylar berilsa ham yordam beradi.

6. Jismoniy mashg'ulotlarni kamaytirish yoki to'htatish kerak. Ular ham allergiya belgilarni kuchaytirib yuboradi. 

7. Uylarni tez tez tozalab, changlarni artib, oynalarni yopib gulchanglarni kamaytirib, yo'qotishga harakat qilish kerak.

Allergiyani bunday davolanish usulida aytilib o'tilganidek, ko'proq hayvon go'shtlari, yog'lari qo'llaniladi. Ba'zi vegan/vegetarian dietada yuradigan odamlar esa allergiyani davolashda hayvon mahsulotlari umuman  to'g'ri kelmaydi deb hisoblashadi. Vegan dietada asosan ko'p sabzavot va mevalar, don va dukkakliklar, yong'oq va urug'lar istemol qilinadi. Balki ba'zi odamlar uchun vegetarian dietasi yahshiroq ta'sir qilar, lekin biz shaxsan bunday holatlarni kuzatmadik.

Sunday, May 3, 2015

Gulkaram va suyakli sho'rva asosi bilan tayyorlanadigan sabzavot sup.


Ushbu sabzavotli supni asosi gulkaram va suyak sho'rvasidan tayyorlanadi. Supdagi turli sabzavotlardagi  minerallar,  saryog' va ohirida qo'shlishi mumkin bo'lgan sifatli qaymoq tish va suyaklarini davolash uchun ayni muddao. Bundan tashqari sabzavotli sup ozish paytida turli don/non/guruch kabi uglevod miqdori baland oziq ovqatlar o'rniga  kaloriyasi kam bo'lgan uglevod miqdori past taom sifatida istemol qilinishi mumkin.

Sabzavotli sup uchun eng asosiy masalliqlar:
2-3 stakan gulkaram
1 stakan zukkini
1/2 stakan sabzi
1/2 stakan kartoshka
1/4 stakan selderey
yarimta piyoz

Qo'shimcha (ta'bga ko'ra): brokkoli, oshqovoq, shirin kartoshka, qo'ziqorin, sholg'om, yashil piyoz (leek) va boshqa turli sabzavotlar.

Tayyorlanishi:

1. Demak, oldin piyoz va sarimsoqlarni eritilgan saryog'da biroz qovurib olamiz. So'ng selderey va sabzini ham biroz qovuramiz. Qolgan sabzavotlarni biroz qovursa ham bo'ladi, lekin to'g'ridan to'g'ri supni suviga qo'shsa ham bo'ladi.

2. Sabzavotlarni ko'mib turadigan miqdorda suyak sho'rvasini quyamiz, yo'q bo'lsa oddiy filterlangan suv ham bo'ladi. Suvni qaynatib chiqarib, olovni pastlatib miltillatib 10-15 minut pishiramiz. Sabzavotlar yumshab qolgan bo'lishi kerak ohirida.
Sup pishgach biroz sovutib, blenderda pyure holatiga keltiramiz va tabiiy, sifatli qaymoq bilan tanovvul qilamiz. Supni pyure qilishga sabab sup mayin, yumshoq bo'lib chiqadi va bolalarga ham yeyish oson bo'ladi.

Supga qanday sabzavotlar qo'shilganiga qarab rangi ham shunga mos chiqadi. Quyidagi sup uchun asosan gulkaram va brokkoli ishlatganmiz, shuning uchun rangi yashilroq.

Agar kamroq yashil sabzavotlardan solib,  ko'proq sabzi qo'shilsa  qizilroq sup chiqadi.